Qutidan qutigacha
E’tibor berganmisiz, atrofimizdagi ko’p narsalar to’rtburchak shaklida:
- Yashab turgan uyimiz (asosi)
- Avtomobillarimiz
- Ish joyimiz
- Do’konlar va xizmat ko’rsatish joylari
- Qo’limizdagi gadjetlar…
Biz xuddi bir qutidan chiqib, ikkinchi qutiga shoshilayotgandekmiz.
Qamoqdagi insonlar ham bizdan ko’ra erkinroqmikan?
Miya eng ko’p energiya iste’mol qilishini bilasizmi?
Miyamiz tana vaznimizning bor-yo’g’i 2 foizini tashkil qilsa-da, organizmdagi umumiy energiyaning qariyb 20 foizini aynan shu a’zo iste’mol qiladi.
Jismoniy va aqliy mehnat — har ikkisi ham yuklamaga yarasha energiya talab qiladi. Ammo farqi katta. Jismoniy mehnatdan maksimal toliqib (quvvati tugagan gadjet kabi) dam olib yoki uxlaganingizda, muskullar ishlashdan to’xtaydi va bo’shashadi. Aqliy mehnatda esa hammasi boshqacha:
Abituriyentlik paytlarim matematika va fizika fanlaridan birorta misol-masalaning yechimi chiqmasa, misol-masala ishlash uyquda ham davom etar edi.
Dasturlashni o’rganishda ham xuddi shu holat qaytarildi. Biror algoritmik yoki hayotiy muammoga yechim topa olmasam, kun bo’yi miya shu bilan band bo’lgani yetmagandek, uyquda ham yechim qidirardi. Ertalab xuddi umuman uxlamagandek, charchab uyg’ongan vaqtlarim ko’p bo’lgan.
Eng katta xato esa — masala ustida tinimsiz qaysarona o’tiraverish. Ba’zi narsalar borki, ularni tushunish uchun vaqt kerak.
Ertalab turganingizda yoki mutlaqo boshqa vaziyatda yechim miyaga birdan kelgan vaziyatlar bo’lganmi?
Ish vaqti ishdan chiqish bilan tugamaydi
Ko’pchiligimiz erta tongda uydan ishga, kechki payt esa ishdan uyga shoshilamiz. Lekin yechimi topilmagan muammolar yoki bir muhitdagi kayfiyat bir qutichadan ikkinchisiga siz bilan sayohat qilmasligi lozim.
Miyani keyingi rejimga (uy, oila, dam olishga) o’tkazish uchun biroz vaqt va chalg’ish — “fayllarni yopish” jarayoni kerak.
Qutidan qutiga shoshilib biz ko’pincha tugallanmagan jarayonlarni tashiymiz.
Yurish faqat ozish uchun emas
Ko’chada piyoda yurish, tabiat qo’ynida nafas rostlash aynan shu chalg’ish va tozalanish uchun eng yaxshi vositadir.
Yurak ishemik kasalliklarining ko’p qismini yurish bilan bartaraf qilish mumkin. Bosh omon bo’lsa do’ppi topiladi deganlaridek, inson hayotidagi eng muhim narsa - bu sog’lik.
Bilasizmi, kasallikka chalinganimizdagina har bir e’tibor ham bermaydigan tana a’zolarimiz qanchalik muhim funksionallikka ega ekanini tushunamiz.
Uning qadriga yetish uchun esa uni yo’qotish shart emas. Ba’zi bir yo’qotilgan narsalarni qayta tiklab bo’lmasligini unutmasligimiz lozim.